BOSHQARMA HAQIDA


Mustaqil O’zbekiston tarixida Davlat chegarasi va transportda davlat veterinariya nazorati boshqarmasi faoliyatini tartibga soluvchi ilk normativ huquqiy hujjat O’zbekiston Respublikasining 1993 yil 3 sentyabrda qabul qilingan “Veterinariya to’g’risida”gi 935-XII-son Qonuni hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 iyundagi “Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5067-son farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi negizida Davlat chegarasi va transportda davlat veterinariya nazorati boshqarmasining yuqori turuvchi tashkiloti O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 martdagi “Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5696-son farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etildi va veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish organlariga bir qator vazifalar yuklatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” PQ-4254-son Qarori bilan tasdiqlangan tuzilmaga ko’ra bugungi kunda boshqarmaning 17 ta chegara veterinariya punkti, 2 ta transportda veterinariya punkti, 1 ta veterinariya sanitariya uchastkasi va boshqarma markaziy apparatida jami
160 nafardan ortiq xodimlar mehnat qilib kelmoqda.

Boshqarma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 martdagi PQ-4254-son Qaroriga ko’ra respublika tashkiloti hisoblanib, mamlakatimizning bojxona chegara postlarida va tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) bojxona maskanlarida veterinariya nazoratini amalga oshiruvchi organ hisoblanadi.

Boshqarmaning xodimlari tomonidan mamlakatimizga kirib kelayotgan transport vositalari (shu jumladan yuk poyezdlari)ni dezinfeksiyalash va veterinariya nazorati ostidagi yuklarni veterinariya ko’rigidan o’tkazish ishlari amalga oshiriladi.

TIF bojxona maskanlarida veterinariya nazorati ostidagi yuklar belgilangan tartibda ko’rikdan o’tkazilib veterinariya hujjatlari (import yuklariga veterinariya guvohnomasi, eksport yuklariga veterinariya sertifikati) rasmiylashtiriladi.